1-bosqich talabalariga ijara to‘lovi bo‘yicha qulaylik yaratildi
Ular ijara to‘lovlarining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan onlayn ariza berishi mumkin.

1-bosqich talabalar uchun 24–27 sentyabr kunlari ijara to‘lovining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Hukumatning 605-son qaroriga asosan oliy taʼlim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalariga sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan joriy o‘quv yilida talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan birinchi bosqich talabalar uchun 24–27 sentyabr kunlari ijara to‘lovining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi.
Arizalar vazirlikning kontrakt.edu.uz platformasi orqali faqat onlayn qabul qilinadi.







