Toshkentdagi maktabda o‘quvchi dars payti kaltaklandi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqalmoqda.
Aniqlanishicha, Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumtaʼlim maktabining 6-“V” sinfida rus tili fani darsi mahalida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.
So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazilmagan, salomatligi joyida.
Bundan xabar topgan o‘quvchi E.G.ning ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, rus tili fani o‘qituvchisi R.O. sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, rasman u 188-maktabga ishga qabul qilinganligi bo‘yicha hali buyrug‘i chiqmagan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.







