Toshkentda yangi kogeneratsiya qurilmasi ishga tushirilmoqda
Uning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan yuqori.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkentning Olmazor tumani “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida investitsiya loyihasi asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVt, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkal bo‘lgan zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi bunyod etilmoqda.
Umumiy maydoni 0,16 gektarni tashkil qiluvchi zamonaviy energoinshootning umumiy loyiha qiymati 45,7 mlrd so‘mga teng bo‘lib, u “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan yuqorini tashkil etadi.
Qurilish maydonida bir vaqtning o‘zida mahalliy va xorijiy tashkilotlarning 50 nafarga yaqin ishchi-xodimlari va 4 ta maxsus texnika ish olib bormoqda. Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln kVt·soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha asosida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy va yuqori tejamkor texnologiyalari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 1,2 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi. Loyihaga ko‘ra, 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Ayni kunlarda loyihaning poydevor ishlari yakunlanib, asosiy qurilmalarni o‘rnatishga tayyorlanmoqda. Bu yerda Germaniyadan keltirilgan gaz-porshen qurilmasi hamda ikkita “Bosch” qozonlari o‘rnatiladi. Zamonaviy usulda qurilayotgan energoqurilmada ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi aholi xonadonlariga yopiq tizim orqali yetkazib berilishi tufayli yo‘qotishlar umuman kuzatilmaydi. Qurilma ishga tushgach, hududdagi 17 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta IJtimoiy soha obyekti va mingdan ortiq aholi xonadonlari barqaror ravishda issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi.
Loyiha joriy yilning oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.







