Chegarada oyoq kiyimida 20 ming dollar olib o‘tayotgan shaxs ushlandi
Shuningdek, fuqaroning yon cho‘ntagidan 10 ming dollar topilgan.

Joriy yilning 25 sentyabr sanasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postiga piyoda sifatida kirib kelgan fuqaro tegishli tartib doirasida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Dastlab bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida fuqaro 5 000 AQSH dollari hamda 38 mln so‘m miqdorda milliy valyutalarni taqdim etadi. Ushbu naqd pullar qayta hisob-kitob qilingan vaqtda esa, 5 000 AQSH dollari deya taqdim etilgan valyutalar aslida 10 000 AQSH dollari, milliy valyutalar esa 38 mln so‘m emas balki, 61 580 000 so‘m ekanligi aniqlangan.
Mazkur vaziyat fuqaroning bojxona nazoratini chetlab o‘tish maqsadi borligidan dalolat beradi va bojxona xodimlarining gumonlarini yana-da oshiradi.
Holatga oydinlik kiritish uchun tayinlangan bojxona ko‘rigi davomida, fuqaro yana 20 ming AQSH dollarini oyoq kiyimi ostiga va 10 ming AQSH dollarini yon cho‘ntaklariga berkitib, olib chiqishga uringanligi tasdiqlangan.
Hozirda fuqaroning mazkur xatti-harakati yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lib, jami 50 ming AQSH dollari va 61 580 000 so‘m miqdordagi milliy valyutalar holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olingan.







