Samarqandda sifatsiz qurilayotgan bino buzib tashlandi
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan reyd davomida bir qator qoidabuzarliklar aniqlangan.

Samarqand viloyatida sifatsiz qurilish obyektlari buzib tashlandi. Bu haqida viloyat hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sifatsiz qurilish ishlarini oldini olish, noqonuniy obyektlarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish maqsadida Samarqand viloyati bo‘ylab reyd tadbirlari yana-da kuchaytirilgan.
“Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Umar Mirzayev tomonidan inspeksiyaning barcha xodimlari bilan ushbu masala yuzasidan muhokama o‘tkazilib, xodimlar hududlar bo‘ylab yo‘naltirildi” deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan yana-da kuchaytirilgan tartibda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Samarqand shahrining Qorasuv massivida “Meʼmor kompleks” MCHJ tomonidan qurilayotgan maktab binosida bir qator qoidabuzarliklar aniqlangan.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida ayrim sifatsiz ishlar aniqlanib, demontaj qildirilgan.







