“O‘zbeklar haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas”
Alisher Qodirov Rossiyadagi migrantlarni urushga chorlovchi gaplarga javob qaytardi.

Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, nega migrantlar ularni “boqayotgan” mamlakatni himoya qila olmasligini aytdi va bunday migrantlar Rossiyaga kerak emasligini iddao qildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bunga javob qaytarib, Rossiyani Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini aytdi.
“O‘zbeklar barakali xalq, haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham vatanni himoya qilishni o‘zbeklardek muqaddas burch deb hisoblaydilar?”, deb yozdi Qodirov.
Avvalroq Mironov o‘zbekistonlik migrantlarga viza rejimini joriy qilish kerakligi, bu bilan hammasi hal bo‘lishini taʼkidlagandi.







