Farg'onada gaz ballonlarini noqonuniy saqlagan “bunker”lar aniqlandi
Uni saqlagan shaxslar shu orqali suyultirilgan gazni talon-taroj qilmoqchi bo'lishgan.

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida tumanning “Dehqonobod” va “Do‘stlik” MFYlarida suyultirilgan gaz ballonlarini noqonuniy saqlash uchun mo‘ljallangan “bunker”lar aniqlandi.
Xususan, “Dehqonobod” MFYda fuqaro A.T. ga tegishli noturar joyda 69 ta, fuqaro E.F. xonadonida 35 ta “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minotiga tegishli maishiy gaz ballonlari topilgan.
Fuqaro A.K. mahalladagi noturar joyda “bunker” tashkil qilgan va u yerda 110 ta maishiy gaz balloni aniqlangan.
Shuningdek, “Do‘stlik” MFYda joylashgan fuqaro A.T. ga tegishli noturar joyda T.H. tomonidan “bunker” tashkil etilgan holda, 200 dona gaz balloni saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Tadbirlar davomida jami 414 dona (314 tasi suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan) maishiy gaz ballonlaridagi 6,2 ming kg suyultirilgan gaz mahsuloti talon-toroj qilinishining oldi olindi.
Holatlar yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan va barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.







