SpaceX kompaniyasi O‘zbekistonga milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda yordam beradi
Bu haqida "O‘zbekkosmos" agentligi xabar berdi.

Italiyaning Milan shahrida 75-Xalqaro astronavtika kongressi o‘tkazildi, unda 120 ta davlatdan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy taʼlim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 11 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Qayd etilishicha, kongressda O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Xalqaro astronavtika federatsiyasi liderlari sammitida maxsus bayonot bilan ishtirok etgan.
Shuningdek, forum doirasida agentlik vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod manfaatli uchrashuvlarni o‘tkazgan. Robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Ispace (Yaponiya) kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
"AQSHning SpaceX va Buyuk Britaniyaning Surrey Satellite Technology kompaniyalari O‘zbekistonning milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi", — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Yaponiyaning Kyushu texnologik instituti – aerokosmik muhandislik yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dastlabki o‘quv dasturiga kelishilgan.







