Zelenskiy tinchlik uchun Putinga yon bermaslikka chaqirdi
“Putin global hokimiyatga ega bo‘lishni istaydi”, degan u.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putinga yon berish “Ukraina uchun nomaqbul va Yevropa uchun o‘z joniga qasd qilish kabidir”.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, adolatli tinchlikka qandaydir Yevropa pozitsiyalari yoki Yevropa davlatining maqomi bilan savdo qilish orqali erishib bo‘lmaydi.
“Tinchlik faqat kuchlilar uchun mukofotdir. Shuning uchun kuchli Yevropaning muqobili yo‘q” – deya taʼkidladi Ukraina prezidenti Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitidagi nutqida.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya Ukrainaga qarshi urushni unga ko‘proq hudud kerak bo‘lgani uchun boshlamaganligiga ishonishini bildirdi.
“Putin global hokimiyatga ega bo‘lishni istaydi. Avval Ukraina ustidan nazorat o‘rnatishni, keyin esa, bir paytlar sovet yoki imperiya hukmronligi davrida bo‘lgani kabi, sizlarning hammangiz ustidan nazorat o‘rnatishni xohlaydi”, — dedi Ukraina yetakchisi.







