Aeroportda 245 mln so‘mlik qimmatbaho qo‘l soatlari to‘xtatib qolindi
Ular Pekin va Dubaydan olib kelinyotgan bo‘lgan.

“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari qiymati 245 mln so‘mlik qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan ishlangan qo‘l soatlari va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yishdi.
Jumladan, Pekindan qaytgan yo‘lovchi qiymati 145 mln so‘mlik, Dubaydan qaytgan yo‘lovchi esa 60 mln so‘mlik qimmatbaho soatni “yashil” yo‘lak orqali olib o‘tishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Har ikkala holatda ham soatlar jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish meʼyoridan ortiqcha bo‘lgan.
“Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchi esa ruxsat etilgan 65 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlaridan tashqari yana 40 gr tilla taqinchoqlarni olib kirishga uringan vaqtida fosh qilindi.
Qiymati 50 mln so‘mlik ushbu zargarlik buyumlari shaxsiy ko‘rik davomida yo‘lovchining cho‘ntagida aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoj uchun 65 grgacha og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, bu tovarlarni bojsiz olib kirishning umumiy meʼyorlari doirasida bo‘lishi kerak.
Masalan, havo yo‘llari orqali O‘zbekistonga kirib kelishda 2 ming AQSH dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi.







