Ayrim bitiruvchilarga o‘qishga kirishda tavsiyanoma beriladi
Yangi tartib keyingi o‘quv yilidan joriy etiladi.

Har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta taʼlim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uni aʼlo baholar bilan tamomlaganlarga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
“O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta taʼlim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Jasorat maktablari"da:
- matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi;
- o‘qish uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi;
- robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;
- o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
2026-2027 o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Taʼlim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Turon” maktab teatri tanlovi o‘tkazib boriladi.







