Toshkentda uyida narkotik yetishtirayotgan shaxs ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida uyida giyohvandlik vositalarini yetishtirayotgan shaxs aniqlandi.
Aniqlanishicha, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan tumandagi xonadonlardan biri ko‘zdan kechirilganda, uy ichida sharoit yaratib, giyohvandlik moddalari parvarishlanayotgani maʼlum bo‘lgan. Shuningdek, uydan ushbu moddalarni isteʼmol qilish uchun mo‘ljallangan buyumlar ham topilgan.
Tadbir so‘ngida moddalar daliliy ashyo sifatida olingan. Jinoyat ishi doirasida ekspertiza tayinlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.







