Samarqandda uyida ilon saqlagan erkak aniqlandi
U Yo‘lbars pitoni bilan maktablarda tomosha uyushtirib kelgan.

Ishtixon tumanida yashovchi fuqaro B.M Xalqaro qizil kitobga kiritilgan Yo‘lbars pitonini saqlab kelib, taʼlim maskanlarida tomoshalar qo‘yib yurgani aniqlandi.
Mazkur holat tuman IIB tomonidan aniqlangan va Samarqand viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga xabar berilgan.
Boshqarma xodimlari holat yuzasidan tezkor o‘rganish o‘tkazishi jarayonida mazkur Yo‘lbars pitoni uzunligi 2,78 metr eni 28 sm ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda Yo‘lbars pitoni Samarqand viloyat Ekologiya boshqarmasi himoyasiga olinib, Zarafshon milliy tabiat bog‘i reabilitatsiya markazida bog‘ mutaxassislari tomonidan maxsus ko‘rikdan o‘tkazilmoqda va vaqtincha saqlanmoqda.







