Ukraina urushda 43 ming askarini yo‘qotdi
Salkam 400 ming askar jarohatlangan.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar 370 ming nafar ukrainalik harbiyda jarohatlanish holatini qayd etgan.
"Bizning armiyada taxminan 50 foiz jarohatlanganlar safga qaytishini hisobga olgan holda, barcha jarohatlanganlar, shu jumladan yengil va takroriy jarohatlanganlar ham ro‘yxatga olinadi", — deb tushuntirdi Ukraina yetakchisi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya armiyasi yo‘qotishlari bo‘yicha o‘z bahosini berdi. Uning aytishicha, Ukrsinaga bosqin davomida Rossiyaning 198 ming nafar askari halok bo‘lgan, 550 mingdan ortiq harbiysi esa jarohat olgan.
Ukraina yetakchisi Parijda Donald Tramp va Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida ham fikr bildirdi.
"Biz Ukrainadagi jang maydonidagi muhim masalalar va global vaziyatni, jumladan, frontimizdan tortib Shimoliy Koreyagacha bo‘lgan masalalarni muhokama qildik", — dedi Zelenskiy.
Avvalroq Donald Tramp Rossiya va Ukrainaning harbiy yo‘qotishlarini mos ravishda 600 ming va 400 mingga baholagan edi.







