2025-yilda darsliklar ijarasi uchun to‘lov olinmaydi
Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.

Avvalroq, byudjetnoma loyihasida 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab 2–11 sinflarda darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish taklif etilgan edi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, — deya bu taklifni izohlagandi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Vazirlikning 12 dekabr kungi bayonotidan kelib chiqilsa, bu rejadan voz kechilgan.
“2025 yil uchun Davlat byudjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan”, — deya maʼlum qildi IMV.
Qayd etilishicha, 2024 yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
2025 yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat byudjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, maktab taʼlimi tizimida 2022 yildan beri darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.







