Uyida 25 mingta pirotextnika vositalarini saqlagan shaxs ushlandi
Ularning qiymati salkam 50 mln so‘mni tashkil etadi.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan birgalikda Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Xususan, tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u yerda 8 turdagi 25 ming 336 dona salyut va petardalar keyinchalik sotish maqsadida saqlanayotganligi fosh bo‘ldi.
Xorijda ishlab chiqarilgan va muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan mazkur pirotexnika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 47 mln so‘mni tashkil qilmoqda. Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2024 yilda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 8 ta holatda qiymati 200 mln so‘mlik 184 122 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanuvi oldi olingan.







