Sherlar hujumi sabab halok bo‘lgan erkak bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Voqea Parkent tumanidagi xususiy hayvonot bog‘ida sodir bo‘lgan.

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘ida sher hujum qilgan qorovul halok bo‘lgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqida Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.
Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan malakalangan. Hujjatlar tergov harakatlarini olib borish uchun ichki ishlar organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘idagi bir qafasda saqlanayotgan uchta sher qafasdan bog‘ hovlisiga chiqib ketgan. Hovlidagi sherlar shu yerda qorovul bo‘lib ishlovchi 44 yoshli F.I.ga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Fuqaro olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan. U hayvonlarni katakka qaytarmoqchi bo‘lgan.
Ikkita sher uxlatuvchi dori vositalar qo‘llangan holda katakka qaytarilgan, bittasi esa mahalliy ovchi taklif qilingan holda otib o‘ldirilgan.







