Andijonda terror tashkilotni moliyalashtirgan shaxs qamaldi
U parhez taomlar oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlagan.

Maʼlum qilinishicha, Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlovchi Z.M. o‘zining foydalanuvida bo‘lgan telefon apparati yordamida “Instagram”, “Telegram”, “WhatsApp” tarmoqlarida profillar ochib, ushbu profillar orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” to‘g‘risidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.
Shuningdek, u Suriya Arab Respublikasidagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan andijonlik 3 nafar fuqaro bilan 2023 yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning taʼsirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin, oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.
Bundan tashqari, 2023 yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila-aʼzolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSH dollari hamda 41 mln. 230 ming so‘m pul mablag‘ini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan. Yaʼni, ular ushbu pul mablag‘larini kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan xorijiy valyuta ko‘rinishida qabul qilib olishgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumani sudi tomonidan fuqaro Z.M. Jinoyat Kodeksining 1553- (terrorizmni moliyalashtirish) va 2442- (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish)moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.







