O'zbekiston

Prezidentga taʼlim yo‘nalishidagi vazifalar bo‘yicha axborot berildi

Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilshi kutilmoqda.

Prezidentga taʼlim yo‘nalishidagi vazifalar bo‘yicha axborot berildi

Davlatimiz rahbariga maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

 

Shaxs tarbiyasining poydevori bo‘lgan bu bo‘g‘inlarga davlatimiz tomonidan doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Hududlarda yangi-yangi taʼlim maskanlari barpo etilib, mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalari zamon talablariga moslab yangilanayapti.

 

Maktabgacha taʼlim tizimi ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. So‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi.

 

Mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil 608 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv taʼlim yo‘lga qo‘yildi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi.

 

Qayd etilganidek, kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat taʼlim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.

 

Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi.

 

Dunyodagi ilg‘or tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda. Jumladan, bu yil 1 ming 500 ta umumtaʼlim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.

 

O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.

 

Davlatimiz rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini taʼkidladi.

 

Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi. Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi. Viloyatlardagi 5 ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.

 

Taʼlim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qo‘shimcha manbalar hisobidan, maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.

 

Taʼlim bilan tarbiya uzviy olib boriladi. O‘zbekiston Prezidentining shu yil 15 noyabrdagi qaroriga muvofiq, o‘quvchilarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimiga eʼtibor kuchaydi.

 

Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi.

 

Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta taʼlim maskanida “Jasorat maktablari” tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadi.

 

Joriy yil 30 sentyabr kuni sohaga doir yana bir muhim hujjat – maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, 2025 yildan boshlab, maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.

 

Keyingi yil 162 ta maktabgacha taʼlim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.

 

Prezidentimiz sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy taʼlim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida eʼtibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

custom img

Oʻzbekistonda yashirin janglarni tashkil qilganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushgan jinoyatchilikka qarshi yangi choralarni tasdiqladi.

custom img

O‘zbekistonda elektr iste’moli bir kunda 267 mln kVt soatga yetib, rekord qayd etildi

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 20,9 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

custom img

Yoshlar – yangi g‘oyalar manbai: yosh jurnalistlar bilan ochiq suhbat

"Yoshlar kuni” doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyatining yosh jurnalistlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.

custom img

Bekobodda 11-sinf o‘quvchisining o‘limi yuzasidan 5 kishi qamoqqa olindi

Jabrlanuvchi pichoqlanish oqibatida vafot etgan.

custom img

Toshkentda yo'l o'pirilib tushdi

Voqea joyiga bosh vazir o'rinbosari O. Ramatov va poytaxt hokimi yetib keldi, deya xabar bermoqda Zamon.uz muxbiri.

custom img

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

Elektr, gaz va issiqlik tarmoqlariga noqonuniy ulanish uchun jarimalar oshiriladi, ayrim holatlarda ma’muriy qamoq jazosi ham qo‘llaniladi.

custom img

Toshkent va Andijonda sintetik narkotik modda hamda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tarqalishining oldi olindi

Qariyb 5 kg sintetik narkotik va 10 ming donaga yaqin kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasi to‘xtatib qolindi.

custom img

Toshkent viloyatida narkotik moddalarni sotishga uringan shaxslar hibsga olindi

Operatsiyalar natijasida 1 kg “gashish” va 1883 dona kuchli ta’sir qiluvchi preparat musodara qilindi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"