Yashnobod hokimi salkam 62 million so‘m bilan o‘zini mukofotladi
Bunga Xalq deputatlari Yashnobod tuman kengashining qarori asos qilib ko‘rsatilgan. Kengash qarorini esa hokimning o‘zi imzolagan.

Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov 2024 yil 25 oktyabr kuni “Yashnobod tumani mahalliy byudjetining 2024 yil ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha shakllangan mablag‘larni xarajatga yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan Yashnobod tumani hokimi — 1-sektor rahbari B.Rahmonqulovning “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgani munosabati bilan pul mablag‘lari bilan taqdirlash maqsadida, tuman mahalliy byudjetining 2024 yil 2 chorak yakunlari bo‘yicha orttirilgan mablag‘lar hisobidan 61 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish belgilangan.
Ochiq maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kun holatiga Yashnobod tumani hokimligining 16 ta ijro hujjati bo‘yicha 674 million so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud bo‘lib, transport vositalari va mulklari taqiqqa olingan.







