O'zbekiston

Prezident Abu-Dabidagi sammitda nutq so‘zladi

Davlat rahbari O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

Prezident Abu-Dabidagi sammitda nutq so‘zladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida o‘tayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi.

 

Sammitda Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya Respublikasi Bosh vaziri Petteri Orpo hamda qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

 

Forumning kun tartibiga muvofiq, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

 

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni taʼminlashning asosiy sharti ekanini taʼkidladi.

 

Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.

 

– Shu bois 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zbekiston Prezidenti yurtimizda Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirilishini qayd etdi.

 

Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi bo‘yicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030 yilga kelib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan.

 

“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari ko‘rilmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev tez surʼatlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga eʼtibor qaratdi.

 

– O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

 

– Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yana-da kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish muhimligini qayd etdi.

 

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlar tashlandi. Yaqinda COP-29 sammiti doirasida Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

 

– Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

 

So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

 

“Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

 

Bu kabi loyihalar Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

 

Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy.

 

– Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

 

Prezidentimiz anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi.

 

Mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratish taklif etildi.

 

Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari hamda boshqa xalqaro forumlarda O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

 

Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni taʼsis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini taʼminlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish shular jumlasidan.

 

– Bu borada barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

 

Davlatimiz rahbari joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.

 

Shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari 15 may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

 

So‘zining yakunida mamlakatimiz yetakchisi Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

 

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Prezident Abu-Dabidagi sammitda nutq so‘zladi | Zamon.uz