O'zbekiston

“Mana shu markaz sabab tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik”

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazidagi bunyokorlik ishlari bilan tanishdi.

“Mana shu markaz sabab tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

 

Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.

 

Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari  uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.

 

Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi  meʼmoriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

 

Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qurʼonlardan namunalar ham o‘rin oladi.

 

– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼlum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning taʼsiri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi.

 

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida maʼlumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom maʼrifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

 

 

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-maʼrifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.

 

– Islom sivilizatsiyasining, islom taʼlimotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, taʼlim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi Prezident.

 

Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-maʼrifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish kerak.

 

– Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning meʼmoriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-maʼnaviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani eʼtiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy o‘zligimizni anglash va anglatish, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.

 

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning maʼno-mazmunini yana-da boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

 

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.

 

Bunday loyihalar ko‘p joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan o‘nlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.

 

 

Toshkentning eski shahar hududi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday ko‘cha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham obodonlashtirilmoqda.

 

Endi bularga uyg‘un ravishda gastronomik va turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta ko‘cha va 32 ta berk ko‘cha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning o‘ziga xos meʼmoriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha infratuzilmalar yaratiladi.

 

Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga ko‘payadi, 1 ming 500 ta ish o‘rni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda.

 

Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.