KXDR o‘z fuqarolarini Rossiyadagi qurilishlarga yubormoqda
2024 yilda mamlakatga 13 ming shimoliy koreyalik kelgan.

2024 yilda minglab shimoliy koreyaliklar Rossiyaga qurilish ishlarida ishlash uchun yuborilgan, deb xabar bermoqda "Ryonxap" axborot agentligi Janubiy Koreya razvedkasiga tayangan holda.
“Bu KXDRga fuqarolarini xorijga ishlash uchun yuborishni taqiqlagan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga zid. Biroq Moskva va Pxenyan bu taqiqni aylanib o‘tish maqsadida ishchilarga talabalik vizasi berish yo‘lidan bormoqda”, deyiladi xabarda.
Rossiya rasmiylari maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatga 13 221 shimoliy koreyalik kelgan, bu oldingi yilga nisbatan 12 barobar ko‘p. Ularning 7887 nafari Rossiyaga tashrif maqsadini taʼlim olish deb ko‘rsatgan.







