Toshkent – Fukuoka reysi kechiktirildi
Bunga samolyotdagi texnik muammo sabab bo'lgan.

21-fevral kuni soat 23:55 da jo‘nashi rejalashtirilgan samolyot ekipaji shassi tebranishini sezdi. Xavfsizlik qoidalariga muvofiq, parvoz bekor qilinib, samolyot terminalga qaytarildi.
Muhandislar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida ayrim detallarning almashtirilishi zarurligi aniqlandi va hozirda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Nosozlik bartaraf etilgach, qo‘shimcha texnik tekshiruv amalga oshiriladi.
Yo‘lovchilarning qulayligi uchun mehmonxonaga joylashtirish choralari ko‘rildi. Yangilangan jo‘nash vaqti – 22-fevral, soat 22:00 (mahalliy vaqt).







