Andijon xalqaro aeroporti yana ishga tushdi
Aeroport faoliyati rekonstruksiya sabab to'xtatilgan edi.

Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiya ishlaridan so‘ng yana faoliyatini boshladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
2025-yil 15-mart kuni soat 10:30 da Andijon aeroporti “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi.
Andijon aeroporti 2023-yil 1-aprel kuni aerodrom majmuasini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish maqsadida yopilgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va perronning eskirganligi hamda zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli kechasi parvozlarni qabul qilish imkoniyati cheklangan edi.
Rekonstruksiya doirasida uzunligi 3300 metr, eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi. Shuningdek, bitta yurish yo‘lagi va uchta samolyot to‘xtash joyiga ega perron yangilandi.
Yangi infratuzilma bir vaqtning o‘zida 10 ta samolyotga xizmat ko‘rsatish va tunda ham parvozlarni qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa Andijon va Farg‘ona vodiysida havo qatnovlarini sezilarli darajada oshiradi.
Tez orada Andijon xalqaro aeroporti muntazam yo‘lovchi reyslarini ham qabul qilishni boshlaydi.







