Toshkentda firibgarlar guruhi qo‘lga olindi
Ular 15 mingdan ortiq kishining shaxsiy ma'lumotlarini o'g'irlagan.

Toshkent shahrida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va plastik kartalaridagi mablag‘larni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan yirik Call-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uyda yashirin faoliyat olib borgan jinoiy guruh fosh etildi.
Ular fuqarolarga soxta qo‘ng‘iroqlar orqali murojaat qilib, turli yolg‘on ma’lumotlar asosida ularning shaxsiy ma’lumotlari va mablag‘larini qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan.
Tekshiruv davomida jinoiy guruh tarkibida ikki nafar tashkilotchi va 20 ga yaqin operator borligi aniqlandi.
Shuningdek, 15 mingdan ortiq kishining shaxsiy ma’lumotlari, giyohvandlik moddalari, 35 dona uyali telefon, 10 dan ortiq plastik karta ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-4-moddasi (Kompyuter axborotini modifikatsiyalash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.







