Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston davlat maslahatchisi bilan uchrashdi
Suhbatda aprel oyida bo‘lib o‘tadigan sammitni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida aprel oyida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston muhim xalqaro tadbirlar doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda faol hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ijtimoiy platformalarni tartibga solish sohasida muvofiqlashtirish va tajriba almashish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Uchrashuv yakunida davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq hajmda amalga oshirish doirasida yaqin muloqotni bundan buyon ham davom ettirishga tayyorligimizni tasdiqladik”, deb yozdi Mirziyoyeva.







