Mirziyoyev Bektemir tumanidagi yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtimizning Bektemir tumanida yana bir boqqa asos solindi.
Prezidentimiz davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.
Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga masʼullar biriktirildi.
Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Prezident farmoyishi bilan eʼlon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.







