Markaziy bank tomonidan 5 ta bank jarimaga tortildi
Yana 3 tasiga ogohlantirish berildi.

O‘zbekiston Markaziy banki fevral oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida 5 ta bankka jarima, 3 ta bankka esa ogohlantirish berdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Fevral oyida Bank nazorati qo‘mitasi jami 8 ta yig‘ilish o‘tkazib, 43 ta masala bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilgan.
Ular orasida:
- Kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritish – 8 ta holat
- Yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish – 3 ta
- Ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish – 5 ta
- Vakolatxona ochish bo‘yicha qaror qabul qilish – 1 ta
- Banklar kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolarining nomzodlarini ko‘rib chiqish – 13 ta
Bundan tashqari, "Ishonch Plus Hamkor" mikromoliya tashkiloti davlat reyestridan chiqarildi, chunki uning ta’sischilari uni tugatish haqida qaror qabul qilgan.
Shuningdek, 12 ta bankning moliyaviy holati tahlil qilinib, 3 tasiga iqtisodiy me’yorlarga rioya qilmagani sababli ogohlantirish berildi. 5 ta bank esa inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qonunbuzarliklar uchun jarimaga tortildi.







