Sirdaryo va Navoiyda ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Ular AQShga ishga joylashtirishni va’da qilishgan.

Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida fuqarolarni AQShga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan yirik miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shirin shahri bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F.R. M.X.ning ishonchiga kirib, o‘zi va tanishini 38 000 AQSh dollari evaziga AQShga ishga yuborishi va viza olib berishini aytgan. U kelishilgan pulning 52 million so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Departamentning Navoiy shahri bo‘limi, DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyada ilgari firibgarlik uchun sudlangan fuqaro M.A. fuqaro L.Q.ni Meksika orqali AQShga ishga yuborishni va’da qilib, undan 14 000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







