YPX inspektoriga bo‘ysunmagan haydovchiga sud hukmi o‘qildi
Samarqandda YPX xodimini mashinasida sudragan haydovchi 3 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

Samarqand shahrida YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, inspektorni mashinasining kapotida sudrab ketgan haydovchi sud tomonidan 3 yil muddatga ozodligini cheklash jazosi bilan jazolandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.
Voqea 1-yanvar kuni Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. YPX xodimi davlat raqamisiz harakatlanayotgan Onix avtomobilini to‘xtatmoqchi bo‘lganida, haydovchi to‘xtamay, xodim ustiga haydab ketgan va tan jarohati yetkazgan. Voqea joyidan qochgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qo‘lga olingan.
Sud jarayonida ayblanuvchi otasi mast holatda onasiga kuch ishlatayotgani haqida xabar eshitganini va shuning uchun uyga shoshganini aytib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, YPX inspektori ham haydovchiga qamoq jazosi berilmasligini so‘ragan.
Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bo‘yicha aybli deb topib, unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Ushbu modda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatgan shaxsga 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.








