Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonga boradi
Prezident Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi hamda MDH sammitida ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7-9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi.
Davlat rahbari tashrif doirasida “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Maslahat uchrashuvida siyosiy-diplomatik hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar, madaniyat, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamda yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Uchrashuvlarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar, shuningdek, tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashiladi.
MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning yakunlari sarhisob qilinib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etiladi. MDH tashkil etilganining 35 yilligini nishonlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirlar yakunida qator qo‘shma hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Tashrif dasturidan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘rin olgan.








