TDTU talabalari nega yotoqxonadan chiqarib yuborildi?
Oliy taʼlim vazirligi holat yuzasidan izoh berdi.

Toshkent davlat texnika universiteti talabalarining yotoqxonadan chiqarilgani haqidagi xabarlarga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, Toshkent shahri Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan qurilgan talabalar turar joyi hozircha rasman foydalanishga topshirilmagan.
Obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan. Shu sababli mazkur binoga talabalarni belgilangan tartibda joylashtirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshirib, belgilangan tartibda yo‘llanma olishi kerak.
Biroq mazkur obyektga tadbirkor tomonidan ayrim talabalar tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil oluvchi talabalar ham ushbu yotoqxonaga joylashtirilgan.
Holat aniqlangach, talabalar xavfsizligi va ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida barcha talabalar obyektdan chiqarilib, TDTUning mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari esa tegishli masʼullar orqali o‘z taʼlim muassasalariga qaytarilgan.
Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz foydalanishga topshirilmagan obyektga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu sababli ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur obyektdan chiqarilgan.
Vazirlik taʼkidlashicha, talabalarning ushbu obyektga belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilganidan universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmagan. Holat aniqlanganidan so‘ng tegishli choralar ko‘rilgan.
Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, binoda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan.
Qayd etilishicha, obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda o‘tkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obyekt foydalanishga berilmagan.
Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obyekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi. Shundan so‘ng talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlarning 100 foizi tadbirkor tomonidan qaytarib berilgani maʼlum qilindi.








