O'zbekiston

“Buyuk ajdodlarimizni o‘z nomi bilan atash lozim”

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqovning maqolasi eʼlon qilindi.

“Buyuk ajdodlarimizni o‘z nomi bilan atash lozim”

 

9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun

 

Keyingi yillarda boy va ulug‘vor madaniy merosimizni asrab-avaylash, o‘rganish va uni ommalashtirish borasidagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 

 

2017 yilning 23 iyun kuni Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi bu masalada qo‘yilgan eng ulug‘ qadamlardan biri bo‘ldi.

 

Markaz tarixidagi unutilmas voqea

 

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni ushbu Markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Taʼkidlash joizki, ushbu tashrif markazimiz xodimlari uchun o‘ziga xos, unutilmas voqea bo‘ldi. Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida davlatimiz rahbari markaz faoliyatini tashkil etish, uning maʼno-mazmunini yana-da boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi. 

 

Prezident Markazning asosiy kirish foyesidan o‘rin oladigan buyuk allomalarimiz, tarixiy shaxslar qiyofalari aks etgan mahobatli rangtasvir asarlari bilan ham tanishdi. Ularni yana-da takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Yaqin vaqt ichida Markaz olimlari tomonidan aniqlangan tarixiy eksponatlar, xorijiy muzey va kutubxonalardan keltirilgan faksimile nusxalar, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida nashr qilinayotgan loyihalar namoyish qilindi. 

 

Davlat rahbarining “Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi” degan fikrlari ham ayni paytda bu yerda olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini belgilaydi. 

 

O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi kontentini yaratishda “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyiliga izchil amal qilinmoqda. Markazning dunyodagi shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan muassasalar, muzey yoki kutubxonalardan farqi ham asosiy eʼtibor turli davrlarda yurtimizda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, shu davrlarda yashab o‘tgan shaxslar va ularning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini aks ettirishdan iborat.

 

Amir Temur – millat iftixori

 

Markaz ekspozitsiyasida Sohibqiron Amir Temur asos solgan saltanat va temuriylar renessansi davridagi yirik o‘zgarishlar, madaniy muhit, shu davrda yashagan allomalar hayoti va ijodi alohida o‘rin tutadi. 

 

Amir Temur va uning vorislari hukmdorligi davrida yuzaga kelgan yirik shaharlar, ilm-fan, madaniyat rivoji, meʼmoriy yodgorliklar, sanʼat va adabiyot durdonalari bugun dunyo ilmiy jamoatchiligi eʼtiborida turibdi. Markaz ekspozitsiyasida Amir Temur siymosi nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki Sharqdagi Ikkinchi renessans asoschisi, ilm-fan, maʼrifat va madaniyat homiysi, sivilizatsiya tarafdori sifatda namoyon bo‘ladi. 

 

Biroq, bugun dunyoning turli qutblarida bu ulug‘ hukmdor va uning avlodlari haqida turli xil, bir-biriga zid qarashlar borki, ularning munosib vorislari sifatida bunday noo‘rin yondashuvlarga barham berishimiz kerak bo‘ladi. Xalqaro miqyosda hali-hanuz o‘z yechimini topmagan masalalardan biri bu temuriylar va boburiylar yaxlit bir sulola ekanini keng jamoatchilikka anglatish, xususan, G‘arb tarixchilari ham foydalanib kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasiga munosib baho berishdan iborat.

 

Boburiylar kim edi?

 

Tarixdan yaxshi maʼlumki, Movarounnahr va Xurosondagi yurishlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Zahiriddin Muhammad Bobur 1525 yilda Hindistonga yurish qiladi. Shu taxlit Hindistonning katta qismida yangi sulola – Boburiylar hukmronligi o‘rnatiladi. 

 

Bu sulola mamlakatni to inglizlar bosqiniga qadar – 1858 yilgacha boshqargan. Boburiylar mahalliy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarni hurmat qilish barobarida Hindistonga yangi madaniyatni olib kirishdi. Boburiylar davri tasviriy sanʼatida mahalliy va temuriylar anʼanalarining uyg‘unligi ko‘zga tashlanadi. Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar mamlakatda ilm-fan, sanʼat va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shishgan. 

 

Boburiylar sulolasi davrida ilm-fanga katta eʼtibor qaratilgan. Ularning davrida taʼlim muassasalari barpo etilgan, turli fanlarning rivoji uchun sharoitlar yaratilgan. Boburiylar davrida Hindistonda juda ko‘p mashhur bino va inshootlar qurilgan.

 

Jumladan, Tojmahal Sharq meʼmorchiligining eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. Hindistonning Dehli shahrida joylashgan Qizil qalʼa sulolaning kuch-qudratini namoyish qiluvchi ramziy bino sifatida tanilgan.

 

Boburiylar davrida o‘nlab ilmiy, falsafiy va adabiy asarlar yaratildi, ilmiy-ijodiy ishlar qo‘llab-quvvatlandi. Musavvirlik, haykaltaroshlik yuqori darajaga ko‘tarilgan. 

 

Ajdodlar xotirasiga sadoqat

 

Boburiylar har doim o‘z anʼanalariga, madaniy merosga, ona tillariga sodiq qolishgan. Manbalarga ko‘ra, boburiy hukmdorlar har doim eng ishonchli mulozimlar va oila aʼzolari davrasida yig‘ilishlarni turkiy tilda olib borishgan. 

 

Boburiylar davrida hind, fors tillari bilan birga turkiy til va adabiyot ham jadal rivojlangan. Bobur, Humoyun, Komron singari sulola vakillari turkiy tilda devonlar yaratishgan, qator asarlar bitishgan. 

 

Shohjahon saroyida turkiy mushoiralar o‘tkazilgan, ularda Movarounnahr va Xurosondan mashhur shoirlar taklif etilgan. Turkiy tildagi asarlar fors va hind tillariga tarjima qilingan. Avrangzeb o‘z davrida ko‘chirilgan turkiy tildagi “Boburnoma” qo‘lyozmasini shaxsan o‘z qo‘li bilan tahrir qilgan. Ular o‘z saroylariga Movarounnahr va Xurosondan olimlar, shoirlar, xattot va musavvirlarni chorlashgan. 

 

Boburiy hukmdorlar bir qator xorijiy davlatlar, hatto Rossiya bilan ham yozishmalarni ona tillari – turkiy tilda olib borishgan. 

 

Amir Temur davlatchiligining o‘ziga xos qomusi hisoblangan “Temur tuzuklari” asari ham aynan boburiylar davrida topilgan va turkiy tildan forsiyga o‘girilib, qayta-qayta ko‘chirilgan. 

 

Bu davrda ko‘plab Sharq adabiyoti durdonalari kitobat qilingan. Alisher Navoiyning qator asarlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si fors va hind tillariga tarjima qilingan. Juda ko‘p temuriy hukmdorlar, ilm-fan va madaniyat namoyandalarining miniatyuralari ishlangan. 

 

Hind miniatyura maktabi namunalari orasida taxtdagi boburiy hukmdorlarni Amir Temur va Bobur bilan bir davrada tasvirlangan suratlari ko‘p uchraydi. Bu albatta boburiylar saltanati vakillarining o‘z nasl-nasabiga bo‘lgan yuksak eʼtiborini ko‘rsatadi. Amir Temur va Boburning bizgacha yetib kelgan ko‘pgina tasvirlari ham hind rassomlari ijodiga mansub. 

 

Bunday suratlardan yana biri hindistonlik musavvir Muhammad Afzal Abu Faqirullohxon ijodiga mansub bo‘lib, u ayni damda Rampur Raza kutubxonasida saqlanadi. 1712-1713 yillar orasida chizilgan bu suratda sulolaning asoschisi Amir Temur o‘zining 12 nafar avlodi qurshovida tasvirlangan. 

 

Suratda Sohibqironning chap tomonida Mironshoh, Abu Said mirzo, Bobur, Akbar, Shohjahon, Bahodirshoh, o‘ng tomonda esa, Muhammad Sulton, Umarshayx mirzo, Humoyun, Jahongir, Olamgir, Jahondorshohni ko‘rish mumkin. Demak, Bobur ham, uning avlodlari ham doim turkiy ildizlari, Amir Temur avlodi ekanligi bilan faxrlanishgan. 

 

Sezar yurtini zabt etgan Bobur

 

Joriy yilning 12-15 fevral kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Italiyada xizmat safarida bo‘ldi. 

 

Yevropada buyuk temuriyzoda hukmdor, Hindistondagi Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga qiziqish ham ancha oldin boshlangan. Maʼlumki, Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.

 

XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan. Yaqinda Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi “Boburnoma”ni italyan tilida chop etdi. Asarni atoqli italyan olimi, turkolog Federiko Pastore tarjima qilgan.

 

“Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar Florensiya, Rim singari shaharlarda o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda “Boburnoma”ning nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi adabiy va maʼrifiy aloqalarda munosib o‘rin tutishi taʼkidlandi. 

 

So‘z navbati menga berilganda, ushbu nashrning ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritarkanman, yuqorida tilga olingan masalaga alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keldi. 

 

Albatta, yevropalik olimlar va tadqiqotchilarning O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga, temuriylar va boburiylar merosiga hurmati va eʼtibori bizni quvontiradi. Ammo, afsuski, Yevropada bir necha asrdan beri boburiylarga nisbatan qo‘llanib kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasini “Buyuk temuriylar” bilan almashtiradigan vaqt yetib keldi. 

 

“Men bu fikrni har tomonlama qo‘llab quvvatlayman, – dedi tadbirda ishtirok etgan professor Franko Kardini. – Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaligi Amir Temur va temuriylarning kelib chiqishi, jahon tamaddunidagi o‘rni haqida haqqoniy tushuncha hosil qilishimizga asos bo‘ladi. Amir Temur tufayli Yevropa xalqlari yarim asr davomida usmoniylar qaramligidan xalos bo‘ldi. Bu esa Yevropadagi Uyg‘onish davriga katta turtki berdi. Amir Temur avlodidan bo‘lgan Bobur va uning Hindistonda hukmronlik qilgan avlodlarini “Buyuk temuriylar” nomi bilan atash tarixiy haqiqatning tiklanishi bo‘lur edi”. 

 

Bu birinchisi emas...

 

Bu masalaga oldin ham bir necha turli xorijiy safarlar paytida to‘xtalgan edim. Bundan ikki oycha ilgari O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan media-ivent o‘tkazish maqsadida Buyuk Britaniyaga borganimizda ham shunday holning guvohi bo‘ldik. Safar davomida Londonda Viktoriya va Albert muzeyidagi nodir eksponatlar bilan tanishdik. 

 

O‘sha kunlarda muzeyda “Boburiylar davri sanʼati” mavzusida ko‘rgazma bo‘lib o‘tayotgandi. Ko‘rgazmada Bobur va uning avlodlari, Akbar, Jahongir Mirzo, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar davriga oid nodir eksponatlar namoyishga qo‘yilgan. Ular orasida “Boburnoma”, “Akbarnoma” singari tarixiy asarlar, maxsus muraqqaʼ albomlar, ulardan o‘rin olgan miniatyuralarning asl nusxalari borligi diqqatga sazovor. Shuningdek, ko‘rgazmada boburiylar davrida ishlatilgan jang qurollari, zargarlik buyumlari, shohona hadyalar, tarixiy hujjatlar, xalq amaliy sanʼatining betakror namunalarini ko‘rish mumkin.

 

Ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil qilingan. Tomoshabinlarning ham qadami uzilmayapti. Faqat birgina narsa dilni xira qilardi – ko‘rgazmaning nomi! “Buyuk mo‘g‘ullar sanʼati”!

 

Biz albatta ko‘rgazma tashkilotchilari bilan uchrashib, bu atamaning xato ekanligi, boburiylarning bugungi mo‘g‘ullar va Mo‘g‘ulistonga aloqasi yo‘qligini tushuntirdik. Ular bu masalani har jihatdan o‘rganib chiqishga vaʼda berishdi. 

 

Shu haqda tadbirlarimizda ishtirok etish uchun atayin Parijdan kelgan mashhur olim, Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressanga aytgandim, bu fikrni to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi. 

 

“Men temuriylarga oid tarixiy manbalar, yevropalik olimlarning ko‘plab tadqiqotlari bilan tanishman, – degan edi Bressan xonim. – Boburiylar aslida rasman temuriylar sulolasining davomchilari bo‘lsa-da, ularning hukmronligi dunyo tarixchilari tomonidan alohida davr sifatida o‘rganiladi. Nima sababdan bu sulolaning “Buyuk mo‘g‘ullar” deb nomlanishini ochig‘i men ham tushunolmayman”.

 

Bressan xonim bilan joriy yilda Parijda temuriylar merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish, u yerda jahon ilmiy hamjamiyatiga ana shu nomni yetkazish bo‘yicha gaplashib oldik.

 

Tarixiy haqiqat qaror topsa...

 

350 yil hukmronlik qilgan Boburiylar saltanati tarixi dunyo olimlari tomonidan yuz yillardan beri tadqiq etib kelinadi. Ammo, G‘arb ilmiy hamjamiyati bu sulolaga nisbatan “g‘alati mashhur” sifatida qo‘llab kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasi qanchalik to‘g‘ri?

 

To‘g‘ri, bu atamani haqiqatdan mutlaqo yiroq deb bo‘lmaydi. Chunki genetik jihatidan turk va mo‘g‘ul xalqlarining ildizlari ming yillar osha yagona nuqtada tutashadi. Ammo, asrlar davomida bu ikki xalq farqli madaniyat, eʼtiqod va qarashlar taʼsirida alohida rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan. 

 

Mirzo Ulug‘bekning maʼlumotiga ko‘ra, Chingizxon mo‘g‘ul tilidan boshqa tilni bilmasdi. Eronda hukmronlik qilgan Elxoniylar davlatida ham ko‘pgina rasmiy hujjatlarni turkiy emas, mo‘g‘ul tilida yuritishgan. Chingizxon bosqinidan so‘ng uning avlodlari islom dini va turkiy madaniyatni qabul qilishgan. Yuz yillar ichida mahalliy muhit taʼsirida Markaziy Osiyo va Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar to‘liq turkiylashib ketishgan.

 

Bobur ota tomonidan temuriylar, ona tomonidan turkiylashgan chingiziylar avlodidan edi. Bobur o‘z asarlarida hech qachon o‘zini mo‘g‘ul deb atamagan. Faqatgina, Boburning chingiziylarga ona tarafdan qarindoshligi, shu bilan birga Bobur qo‘shinlari safida mo‘g‘ul askarlari va amirlari ko‘pligi sabab Hindistonda mahalliy aholi tomonidan harbiy va musulmon elitaga nisbatan “mug‘al” (mongol yoki mo‘g‘ul emas) atamasi qo‘llangan. Keyinchalik yevropalik olimlar ana shu xato nuqtai nazar sababli bu saltanatga nisbatan “Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi” ifodasini qo‘llay boshlashgan. 

 

Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham mo‘g‘ul tilida gapirishmagan. Ularning hukmronligi davrida davlat tili turkiy (eski o‘zbek) va fors tillari edi. 

 

Bobur o‘zini hamisha turk (turkiy) ekanligi bilan faxrlangan. Jumladan 1525 yil Hindistondagi Biyona viloyati amiri Nizomxonga bitgan mana bu forsiy sheʼri ham uning qanchalik qatʼiyat va iqtidor egasi ekanini ko‘rsatadi:

 

Bo turk siteza makun ey miri Biyona,

Cholokiyu mardonagii turk ayon ast,

Gar zud naoiyu nasihat nakuni go‘sh,

Onjo ki ayon ast, chi hojat ba bayon ast.

 

(Ey Biyonaning amiri, sen turk bilan o‘ynashma, uning kuch-qudrati va mardligi hammaga maʼlum. Agar tezda kelib nasihatimizni qulog‘ingga ilmasang, hammaga ayon bo‘lgan narsani senga bayon qilib o‘tirmaymiz).

 

Jahon olimlari nima deydi?

 

O‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligida germaniyalik olim, Berlin milliy kutubxonasi masʼul xodimi Oysiymo Mirsulton yana bir muhim topilma haqida maʼlumot berdi. 

 

Olimaning aytishicha, Berlin kutubxonasida Boburiylar hukmdori Jahongir (1569-1627) paytida 1608-1618 yillar orasida yaratilgan muraqqaʼ albomda Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Mavlaviy singari shoirlarning turkiy sheʼrlari o‘rin olgan. Shu paytga qadar Berlin kutubxonasida bu qo‘lyozmani tadqiq etgan nemis tadqiqotchilar arab alifbosidagi ushbu baytlarning o‘zbek tilida ekanini bilmaganlar va uni hindiy (urdu) tilidagi parchalar deb hisoblashgan. 

 

Ayni paytda Berlin kutubxonasida bu qo‘lyozmaning faqat 25 ta sahifasi saqlanadi. Qo‘lyozma dastlab 120 sahifadan iborat bo‘lgan va unga 44 ta miniatyura kiritilgan. Albom sahifalari hozirgi kunda dunyoning turli hududlariga tarqalib ketgan. 

 

Miniatyuralarda Sharq va G‘arb tasviriy sanʼatiga xos xususiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Turkiy tildagi sheʼrlar juda chiroyli, nastaʼliq xatida, xatosiz ko‘chirilgan. Muraqqaʼda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning o‘nlab sheʼrlari o‘rin olgan. 

 

Shu qo‘lyozmaning o‘zi boburiylar Hindistonda hukmronlik qilgan bo‘lsa-da, ularning o‘z tarixi, madaniyati, maʼnaviy merosiga sodiq qolgani, tili va adabiyotini unutmagani, ularning rivojiga yetarlicha eʼtibor qaratganini ko‘rsatadi. 

 

“Men uzoq yillardan beri boburiylar merosi bilan shug‘ullanib kelaman, – degan edi Pokiston Islom Respublikasining Panjob universiteti professori Ruxshona Iftixor Samarqandda 2024 yil avgustda o‘tkazilgan xalqaro kongress paytida. – Nima uchun Amir Temur avlodiga mansub bo‘lgan boburiylarni biz mo‘g‘ullar deb atashimiz kerak? Mo‘g‘uliston umuman boshqa hududda joylashgan va bu xalqning tarixi, turmush tarzi va madaniyati boburiylardan tamoman farq qiladi. Men bu sulolani “Buyuk temuriylar” deb atash tarafdoriman”. 

 

Arnold Toynbi tan olgan haqiqat

 

Britaniyalik mashhur tarixchi va sotsiolog Arnold Toynbi “Tarixni anglash” kitobida boburiylarning jahon davlatchiligida tutgan o‘rniga alohida to‘xtaladi. Boburiylar davrida hind zaminida universal davlat barpo etilganidan keyin ushbu chegaralar mustahkamlanganini alohida taʼkidlaydi. “Ular taraqqiyot bobida eng cho‘qqiga chiqqan davrlarda Amudaryo havzasidagi o‘zlari kelib chiqqan o‘zbek davlatlarining bir qismini o‘z mulklariga qo‘shib olgan edilar”, deydi Toynbi o‘z asarida. 

 

Ushbu kitobdan olingan mana bu parchalar ham mavzuga yana-da oydinlik kiritadi:

 

“...Albatta Dehli ularning ham birinchi poytaxti emasdi. Lekin boburiylarning birinchi poytaxti Agra shahri ham mamlakat markazida joylashgandi”.

 

“...Britaniya imperiyasi maʼmurlari ham o‘z navbatida boburiylar yo‘lini tutishdi. Bundan tashqari hind savdogarlariga mamlakat iqtisodiy hayotida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratishdi”. 

 

Eʼtibor qilyapsizmi, Toynbi bu sulolaga nisbatan “Buyuk mo‘g‘ullar” emas, asosan “boburiylar” atamasini qo‘llagan va ularni o‘zbek hukmdorlari sifatida eʼtirof etgan. Bunday fikrlarni amerikalik tarixchi olim Frederik Starr “Markaziy Osiyoning kashf etilishi”, “Yo‘qolgan tamaddun izidan” singari asarlarida ham bildirib o‘tadi. 

 

Xulosa o‘rnida...

 

Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda asos solgan davlatni “Buyuk mo‘g‘ullar” deb atash tarixiy haqiqatning buzilishidan boshqa narsa emas. Hatto ularga nisbatan ishlatiladigan “Boburiylar” atamasi ham asl haqiqatni to‘la ochib berolmaydi. Zotan, Hindiston uch yarim asr hukm surgan bu xonadon sulolaning asoschisi sifatida Boburni emas, Amir Temurni ko‘rishgan.

 

Dunyo tarixda bir qator hukmdorlarga nisbatan Buyuk atamasi qo‘llanilgan. Buyuk Kir, Buyuk Iskandar, Buyuk Karl, Buyuk Pyotr... Ular qatorida Buyuk Amir Temur atamasini keng istilohda joriy etish, uning avlodlarini “Buyuk temuriylar” deb atashni jahon ilmiy hamjamiyati orasida targ‘ib etish vaqti keldi. 

 

Zotan hurmatli Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”. Tarixiy haqiqatni tiklash, buyuk ajdodlarimiz nomi va shaxsiyatiga munosib ehtirom ko‘rsatish, ularni o‘z nomi bilan nomlash ham bizning vorislik burchimiz sanaladi. 

 

Firdavs ABDUXOLIQOV,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Ikki fuqaro belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirildi.

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Davlat mehnat inspeksiyasi hududlarda monitoring o‘tkazdi.

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

MIB hamda YHXB hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida 9 oyda 2 152 ta avtotransport vositalari vaqtinalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan, shundan 1 856 tasi jarimalarni to‘laganligi sababli jarima maydonchasidan chiqarilgan.

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Hozirgi kunda mazkur ijro hujjatida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilganligi munosabati bilan ijro ishi qonunning 37-moddasiga asosan tamomlangan.

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Ijro harakatlari natijasida qarzdor tomonidan undiruvchi sobiq xodim foydasiga jami 195 mln so‘m to‘liq to‘lab berildi.

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Shu tariqa uch nafar farzandning taʼminoti kafolatlandi.

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro 843 mln  qarziga beparvo munosabatda bo‘lgan.

“Buyuk ajdodlarimizni o‘z nomi bilan atash lozim” | Zamon.uz