Andijonlik erkak miltiq bilan 52 ta radarni urib sindirdi
U jami 1 mlrd 147 mln so‘m moddiy zarar yetkazgan.

Andijon shahrida 52 ta radar kamerasiga miltiqdan o‘q otgan erkakka jinoiy ish ochildi. Bu haqida shahar Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
1976-yilda tug‘ilgan erkak Andijon shahri hududidagi 29 ta chorrahaga o‘rnatilgan “TELECOM SOFT” MCHJga tegishli bo‘lgan 51 dona foto va video qayd qilish dasturiy-texnik vositalari va 1 dona “Hikvision” rusumli radar kompleksiga, o‘ziga tegishli bo‘lgan “SRKET” rusumli pnevmatik miltiqdan o‘q otish orqali qasddan shikast yetkazib, jami 1 mlrd 147 mln so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







