Qoraqalpog‘istonda soxta pul yasab sotayotganlar ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Taxiatosh tumanida qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan qalbaki pul birliklarini muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh qilmishlari fosh etildi.
Tezkor tadbir davomida fuqaro 200, 100, 50 va 20 minglik kupyuradagi jami 7 500 000 qalbaki o‘zbek so‘mini 2,5 mln haqiqiy o‘zbek so‘mi kupyurasiga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaro ko‘rsatmasiga asosan, ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar xonadonlari ko‘zdan kechirilganida, qalbaki pul birliklarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan noutbuk, rangli printer, turli xil o‘lchamdagi qaychi va chizg‘ich buyumlari ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan qilmishga aloqador 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.







