Xorazmda fuqarolarga soxta diplom olib bergan shaxs ushlandi
Hozirda unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiariq tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.M. fuqaro D.I.ning ishonchiga kirib, unga Urganch davlat universiteti tomonidan berilgan akademik taʼtilini to‘g‘rilab, diplom olib berishi evaziga 900 AQSH dollari va 1,3 mln so‘mni tanishi M.Ya. orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro D.M. fuqarolar B.o. va A.B.ni aldab, ularning Qozog‘iston Respublikasi universitetidagi o‘qishini go‘yoki Qirg‘iz Respublikasidagi xalqaro universitetga ko‘chirib, ushbu taʼlim muassasasini tugatganligi haqida soxta diplom tayyorlab berib, evaziga ularning jami 4 800 AQSH dollarini qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







