O‘zbekistondagi megaloyiha: 2000 dan ortiq olimlar olamshumul tuhfa tayyorlashyapti
Bu bo‘yicha Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, jarayon bilan tanishgan edi. Prezident tashrifidan so‘ng berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida mart oyida Markaz Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Vasiylik Kengashi raisi – Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda Markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish hamda ijtimoiy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy maskan sifatidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.
Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib sentyabrda ochilishi kutilayotgan Markazda Maxsus shtab faoliyat yuritayotgan bo‘lib, 10 ta yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruhlar muhokamalar o‘tkazib kelmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi ham qizg‘in munozaralar ostida o‘tdi. Unda Kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari, jumladan, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, O‘z FA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, akademik Akbar Hakimov hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.


Kengash yig‘ilishida Markaz ekspozitsiyasi yo‘nalishlari, ISM binosi tarkibidagi Anjumanlar zali vestibyuli uchun tavsiya etilayotgan rang-tasvir asarlari konsepsiyasi, Markaz muzey kutubxonasi fondini boyitish kabi qator masalalar hamda loyihalarni amalga oshirishdagi texnik topshiriqlar muhokama qilindi.
Xususan, yig‘ilishda Markazning tashrif qog‘oziga aylanishi kutilayotgan “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasining bo‘limlari soni 7 tadan 9 taga oshirilishi maʼlum qilindi. Yangi qo‘shilgan bo‘limlarda O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi faolligi va tashabbuslari hamda yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va natijalar ramziy aks ettiriladi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning maʼlum qilishicha, markaz faoliyati bilan aholi vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida viloyatlarga maxsus “Maʼrifat karvoni” yuboriladi. Ular joylarda targ‘ibot, tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishadi. “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari joriy yilda ham Markaz bilan hamkorlikda ko‘tarinki ruhda amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Yig‘ilish davomida markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov “Anjumanlar zali vestibyuli uchun tavsiya etilayotgan rang-tasvir asarlari konsepsiyasi”ni taqdimot qildi.
Maʼlumki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining barcha bo‘limlaridan “Vaqt devori”ga o‘rin ajratilgan. Uning quyi qismida o‘sha davrda kuzatilgan yutuqlar, ilmiy kashfiyotlar yoritiladi. Yuqori qismi uchun mahobatli rang-tasvir asarlari yaratiladi.
Xususan, “Ikkinchi Renessans davri” ekspozitsiyasining davlatchilik tarixiga bag‘ishlangan "Vaqt devori"da Amir Temur davlatchiligi, uning davrida ro‘y bergan muhim o‘zgarishlar, temuriylar davrida davlat va jamiyat boshqaruv tizimi, ilm-fan va madaniyatning rivojlanishi, boburiy hukmdorlar davridagi voqealar, tarixiy shaxslar miniatyura orqali kompozitsiyada, shuningdek, davr tarixi solnomasi monitorlarda namoyish etiladi.
Solnoma Amir Temurning hokimiyat ustiga kelishidan boshlab, xonliklar davrining so‘ngiga qadar yurtimizda ro‘y bergan yutuqlar va kashfiyotlarni aks ettiradi. Yuqori qismidan esa shu jarayonlarning badiiy talqini o‘rin oladi. Aynan shu davrda yurtimizda miniatyura sanʼati yuqori darajada rivojlangan. Taʼkidlash joizki, kengaytirilgan Ilmiy kengash qarori bilan bu davrda kechgan jarayonlarning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassamlashtirgan miniatyuralardan to‘plam yaratish, eng nodirlarini saralab olib, taqdim etishga kelishib olindi.
Markaz muzey ekspozitsiyasi fondi kutubxonasi fondini boyitish va texnik topshiriqlar yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxona direktori taqdimoti tinglandi. Unga ko‘ra markaz kutubxonasi, nafaqat mahalliy, qolaversa, xorijiy kitobxonlarga ham xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, Markaz kutubxonasida alohida bolalarga ajratilgan bo‘lim bo‘lib, u faqatgina markaz xodimlari bolalariga emas va tadqiqotchilar, kutubxonachilar farzandlariga ham xizmat qiladi.
— Kitoblar ochiq fondlarda saqlanadi. Javonlarda ham oynalar bo‘lmaydi. Kitoblardan kitobxonlar bemalol foydalana oladi. Bu yerda kitobxon o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatadi. Kutubxonada nodir kitoblar bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Ulardan foydalanishda ham biror bir cheklov qo‘yilmaydi. Kitoblar muhofazasiga alohida eʼtibor qaratilib, ularni bakteriyalardan himoya qiluvchi maxsus uskunalar o‘rnatiladi. Kutubxonaning bosma fondi 30 ming, elektron fondi 350 ming kitobdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari hali fond tasarrufiga kiritiladigan kitoblar mavjud. Markaz kutubxonasi qoshida birinchi marotaba tor ixtisoslik yo‘nalishida manbashunoslik o‘quv kursi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Markaz kutubxonasi fondidan Lui Brayl yozuvidagi bo‘rtma nuqtali kitoblar va audio kitoblar o‘rin oladi. Kutubxona keng qamrovli, zamonaviy shu bilan birga xorijiy mehmonlarga ham xizmat qilishi kutilmoqda, — dedi Umida Teshaboyeva.
Markazda sifat jihatdan jahon standartlariga mos keladigan nashriyot bo‘lishi reja qilinmoqda. Unda keyinchalik ham Markaz fondini boyitadigan kitoblar va O‘zbekiston madaniyati va tarixiga oid kitoblar, foto-albomlar, qo‘llanmalar chop etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda vitrina, mulyajlar, maket va faksimilelarga buyurtma berish bo‘yicha ishchi guruh Nizomi loyihasi taqdimot qilindi. Maʼlum qilinishicha, Markaz ishchi guruhi tomonidan 1000 ta eksponat katalogi yaratilgan. Ularning sonini 2000 ga yetkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini muzeylashtirish, nodir artefaktlar to‘plash va ularning mulyajlarini yasash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Eksponatlar Markazga shunchaki joylashtirilmaydi. Ular uchun xorij standartlari asosida yasalgan maxsus vitrinalar hozirlanadi. Hozir vitrinalarga buyurtmalar berish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Buning uchun avvalo, eksponatlar sonini bilish kerak. Shu maqsadda Markaz tomonidan tuzilgan ishchi guruh yordamida eksponatlar katalogi yaratildi.
— Vitrinalar tanlanayotganda eksponatlarni saqlash, namoyish etish va ko‘chirish uchun qulay bo‘lishiga ahamiyat qaratilmoqda. Vitrinalarni yasash uchun xorijning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy olimlar vitrinalarning shakli va rangi bo‘yicha turli fikrlar bildirishyapti. Biz barcha fikrlarni umumlashtirib, ekspozitsiyamiz uchun eng muqobilini tanlab olamiz, – dedi ISM katta ilmiy xodimi Alisher Egamov.
Yig‘ilishda maʼlum qilinishicha, Markaz uchun yasalgan vitrinalar ko‘chma ko‘rgazmalar o‘tkazish uchun ham qulay bo‘lib, muzey fondlari turli hududlarda namoyish etilishi taʼminlanadi. Yig‘ilishda shu kabi o‘nlab masalalar muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat rahbarining O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini keng miqyosda ko‘rsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazish, dolzarb g‘oya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yana-da boyitish va takomillashtirish bo‘yicha bergan zarur ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Ayni kunlarda esa 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar ishtirokida O‘zbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan o‘rin oladigan, Ilmiy kengash yig‘ilishlarida muhokama qilinib, maʼqullangan loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolanmoqda.







