“Imom Moturidiyning jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani chinakam maʼnaviy jasorat namunasidir”
Prezident Samarqanddagi konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.

Shavkat Mirziyoyev “Moturidiylik – bag‘rikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
“Hurmatli anjuman qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!
Avvalo, siz, azizlarni ilm-maʼrifat va taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston zaminida, uning eng qadimiy shaharlaridan biri – azim Samarqandda buyuk alloma Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Jonajon Vatanimizga, ulug‘ alloma va mutafakkirlar yurti bo‘lgan go‘zal Samarqand shahriga xush kelibsiz!
“Kalom ilmining sultoni”, “Musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi” degan yuksak eʼtiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-maʼrifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam maʼnaviy jasorat namunasidir.
Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va taʼlimoti esa eʼtiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, moʻtadillik va maʼrifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir.
Bu o‘lmas taʼlimot muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalarini soxtalashtirish, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan buzg‘unchi harakatlar yangi shakllarda davom etayotgan bugungi kunda yana-da dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini, siz, hurmatli anjuman ishtirokchilari albatta yaxshi tushunasiz va biz buni yuksak qadrlaymiz.
Muhtaram do‘stlar!
Yangi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu ilmiy markazlar tomonidan Qurʼoni karim va boshqa muqaddas diniy manbalarning xorijiy fondlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalari topilib, ularning nusxalari yurtimizga olib kelingani, ilm va maʼrifat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ zotlarning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingani bu sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lamidan dalolat beradi. Jumladan, Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etilganini taʼkidlash lozim.
Biz xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari, sizlar kabi musulmon olamida katta nufuzga ega bo‘lgan olimlar bilan hamkorlikda Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosi, ushbu taʼlimotning bugungi kundagi ahamiyatini yana-da chuqur o‘rganishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Shu maqsadda Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasini keng nishonlash haqida qaror qabul qilib, bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, ulug‘ mutafakkir bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini kengaytirib, yana-da obod ziyoratgohga aylantirish bo‘yicha vazifalarni aniq belgilab oldik.
Maʼlumki, 2020 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilarining taklifi asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.
Bugungi kunda buyuk ajdodimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼrifiy merosning ahamiyati jahon miqyosida tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda ushbu Markazning maqomi va nufuzini yana-da oshirish maqsadida, yaqinda imzolangan Farmonga muvofiq, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.
Ushbu markaz Imom Moturidiy hazratlarining islom dini ravnaqiga qo‘shgan bebaho hissasi va moturidiylik taʼlimotini chuqur tadqiq etishda dunyoning turli mamlakatlaridagi olim va ulamolarni birlashtiradigan xalqaro platforma bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarga Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnatingiz, izlanish va tadqiqotlaringiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman”, deyiladi tabrik matnida.







