Toshkent viloyatida erkak o'z joniga qasd qildi
Hozirda surishtiruv ishlari boshlangan.

Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan dala hududidagi yozgi “shiypon”da bir erkak o‘zini osgan holda topildi. Ushbu holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, voqea 30-aprel kuni sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, 1987-yilda tug‘ilgan, Toshkent shahri Bektemir tumanida yashagan fuqaro Y.V. Toshkent–Ohangaron magistral yo‘lining chap tomonida joylashgan “Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi” qarshisidagi shiyponda o‘zini osib, joniga qasd qilgan.
Hozirda sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, marhumning bu ishga nima sababdan qo‘l urganiga aniqlik kiritish maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







