9 may arafasida yugurish musobaqasi o‘tkaziladi
Unda 2000 nafar ishtirokchi 5 km masofaga yuguradi.

AOKAda Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 9 may - Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan musobaqa haqida maʼlumot berildi.
Yugurish musobaqasi poytaxtimizning “Birodarlik qabristoni” yodgorlik majmuasi va “Bunyodkor” stadioni hududlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Unda 2000 nafar ishtirokchilar g‘alaba qahramonlari xotirasini yod etadilar.
Ushbu sanaga bag‘ishlangan yugurish musobaqasi urush qahramonlariga, ularning jasorati, mardligi va fidoyiligiga hurmat ramzi sifatida tashkil etilib, ishtirokchilarning har bir qadami o‘z hayoti evaziga avlodlar kelajagini himoya qilganlarga bag‘ishlanadi.
Har bir ishtirokchi go‘yo Xotira elchisidir. U frontdan kelgan xatni yoki jangchilarimizning ismlari bitilgan qog‘oz parchasini yetkazish uchun, marhumlarning ovozini tiriklar qulog‘iga yetkazish uchun yuguradi. Bu shunchaki yugurish emas – bu har bir ishtirokchi ramziy ravishda bitta askarning taqdiri va ovozini olib boradigan yo‘ldir.
Tadbir dasturida 5 kilometrlik yugurish musobaqasi, urush ishtirokchilariga atalgan raqamlar tarqatilishi, marraga yetib kelganlarga esdalik medali topshirilishi, yugurish yo‘li bo‘ylab o‘rnatilgan badiiy ko‘rgazmalar, tantanali musiqa dasturi, birodarlik qabrlari yonida Xotira devorining o‘rnatilishi, yugurishning finishida ishtirokchilarga O‘zbekiston bayroqlarini tarqatish jarayonlari o‘rin olgan.







