Samarqandda Imom Moturidiy tavalludiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya davom etmoqda
Unda 30 ga yaqin mamlakatdan ishtirokchilar qatnashmoqda.

Samarqand shahrida buyuk mutakallim, islom olami faxri Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab “Moturidiylik — bag‘rikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu yuksak darajadagi tadbirga dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli olimlar, muftiylar, islomshunoslar va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurdi.
Konferensiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tashkil etilmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining Axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Maʼrupov tadbirning maqsadi haqida quyidagicha fikr bildirdi:
— Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy maʼnaviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yilning 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida ushbu “Moturidiylik — bag‘rikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” nomidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Bu esa barcha uchun juda foydali va kerakli tadbirdir. O‘zbekistonda buyuk allomalarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan mazkur konferensiya ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu tadbir xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Xalqaro konferensiya doirasida ishtirokchilar Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qilishdi. Shuningdek, ilmiy sessiyalar, munozaralar va tajriba almashish orqali moturidiylik taʼlimotining zamonaviy ahamiyati, uning tinchlik, bag‘rikenglik va ijtimoiy uyg‘unlikdagi o‘rni muhokama qilinmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov konferensiyaning ahamiyati haqida shunday dedi:
— Bu anjuman yurtimizda ilm-fan, ajdodlar merosi va madaniyatga bo‘lgan chuqur hurmatni butun dunyoga namoyon etmoqda. Tashkilotchilar safida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy xalqaro markazi, Xalqaro islomshunoslik markazi, Musulmonlar idorasi kabi nufuzli tashkilotlar bor. Bu esa tadbirning xalqaro miqyosdagi obro‘sini yana-da oshiradi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda 1,9 milliardga yaqin musulmon aholisining 750 milliondan ortig‘i moturidiylik aqidaviy maktabiga mansub hisoblanadi. Bu esa Imom Moturidiy merosining nafaqat tarixiy, balki dolzarb zamonaviy ahamiyatga ham ega ekanligini anglatadi. Samarqandda davom etayotgan bu xalqaro konferensiya yurtimizning diniy-maʼrifiy sohadagi yetakchilik pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlamoqda.







