Toshkentda ishlab chiqarish sexi yonib ketdi
Hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo'q.

1-may kuni ertalab Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sintifon ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in soat 07:01 da boshlangan. Qutqaruvchilar tomonidan 07:45 da yong‘in qurshab olingan va 08:09 da to‘liq o‘chirilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar haqida hech qanday xabar kelib tushmagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan uch kun avval, 28-aprel kuni Toshkentning Mirobod tumanidagi qurilish mahsulotlari saqlanayotgan omborxonada ham yong‘in sodir bo‘lgandi. Ushbu holatda omborxonaning taxminan 500 kvadrat metrlik maydoni yong‘indan zarar ko‘rgan.







