Boysundagi gaz konida yana vodorod sulfidi otildi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Bugun, 5 may kuni soat 06:10 da “Mustaqillik-25” konining 202-sonli qudug‘ida yuqori bosim ostida tarkibida vodorod sulfid miqdori yuqori bo‘lgan gazning otilishi qayd etilib, favvoralanish holatining qaytalanishi kuzatilgani haqida Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi. Barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Hodisa sodir bo‘lgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan o‘rab olinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda” - deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, sodir bo‘lgan hodisa qo‘shni hududlar aholisi uchun xavf tug‘dirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 27 mart kuni mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning chiqishi qayd etilgandi. Ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quduq nazorat ostida yoqib qo‘yilgan. 22 aprel kuni quduq o‘qining g‘ovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish to‘xtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan edi.
Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda. Har bir holat bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlar berib boriladi.







