Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi
London Rossiyaning yashirin flotiga qarshi chora ko‘rdi.

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar to‘plamini joriy etdi. Bu safargi choralar orasida, Rossiyaning neft eksportidagi cheklovlarni aylanib o‘tish uchun foydalanilayotgan, taxminan 100 ta kemadan iborat bo‘lgan “soya floti”ga nisbatan ham jazolar mavjud.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, bu “soya floti” Vladimir Putinga yaqin shaxslar tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, Kremlning Ukrainadagi noqonuniy urushini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi va shu bilan birga global infratuzilmaga xavf tug‘diradi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayniqsa bu flot xavfli sanaladi, chunki bugungi kunda xalqaro telekommunikatsiya axborotlarining 99 foizi va muhim energiya resurslari aynan suv osti infratuzilmasi orqali uzatiladi.
Rossiyaning “soya floti” tarkibiga ko‘plab eski, ko‘pincha sug‘urtalanmagan tankerlar va yuk tashuvchi kemalar kiradi. Ular yaqinda suv osti infratuzilmasiga qilingan ehtimoliy hujumlarda ham ayblanmoqda.







