Qozog'istonda onasidan ayrilgan qiz Vatanga qaytarildi
Uning onasi avtohalokatga uchrab, vafot etgandi.

Bolalar ombudsmaniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro E.A. ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatda ayol uning qizi D.R.ning 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz farzandi borligi, bir necha yil avval qizi D.R. Qozog‘iston Respublikasi fuqarosiga turmushga chiqqani, nevarasi Beruniy tumanida tug‘ilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsa-da, unga onasi Qozog‘iston Respublikasida ham tug‘ilish haqida guvohnoma rasmiylashtirganini bildirgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida qizi 2024-yil avgust oyida vafot etib, hozirda voyaga yetmagan nevarasi E.M. Qozog‘iston Respublikasida ota-ona qaramog‘isiz qolganini ma’lum qilib, nevarasini O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmani, Ichki Ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Bosh konsulligi vakillari hamkorligida voyaga yetmagan E.M.ning O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilib, tezkor ravishda voyaga yetmagan E.M. hujjatlari rasmiylashtirilishida ko‘mak ko‘rsatildi.
Ko‘rilgan hamkorlik choralari natijasida kuni kecha, 12-mayda voyaga yetmagan qiz xolasi Sh.R. hamrohligida O‘zbekistonga olib kelinib, buvisi E.A qaramog‘iga topshirildi.







