Ashxobodda Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha konferensiya boshlandi
Unda taxminan 250 nafar ishtirokchi qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi delegatsiyasi Ashxobodda boshlangan VII Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari konferensiyasida (MOIO‘K-2025) ishtirok etmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardan taxminan 250 nafar ishtirokchi — hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy va biznes doiralari, fuqarolik jamiyati vakillari va yoshlar mintaqaning iqlimga chidamliligini oshirish maqsadida birlashdi.
Tadbir “Turkmanistonning nodir endemik flora va faunasi bilan tanishuv” ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Bu ko‘rgazma mamlakatning noyob ekotizimlarini asrab-avaylash muhimligini yoritishga qaratilgan.
“Iqlimni moliyalashtirish sohasidagi global maqsadlarga mintaqaviy va milliy harakatlar orqali erishish” shiori ostidagi tadbir xalqaro moliyaviy resurslarni safarbar etish va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ochiq muloqot maydoniga aylandi.
Konferensiya doirasida quyidagi asosiy muhokamalar bo‘lib o‘tdi:
1-panel sessiya: Markaziy Osiyo uchun iqlim moliyalashtirish. Mavjud moliyaviy vositalar — yashil obligatsiyalar, aralash moliyalashtirish kabi instrumentlar yordamida keyingi besh yilda mintaqada iqlim investitsiyalarini 25 foizga oshirish masalalari muhokama etildi. Bu sessiyada Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, GIZ, Italiya va Qirg‘iziston mutaxassislari maʼruza qildi.
2-panel sessiya: Mintaqaviy hamkorlik va iqlim adolati. Gidrologik ofatlar haqida erta ogohlantirish tizimlari, transchegaraviy tashabbuslar, shuningdek, milliy hissalarni (ONUV 3.0) mustahkamlash borasida fikr almashildi.
Parallel sessiyalar: iqlim texnologiyalarini uzatish bo‘yicha “Yashil ko‘prik” tashabbusi, innovatsion moliyaviy vositalar, fuqarolik jamiyati va yoshlarning roli, shuningdek, RESILAND SA+ dasturini muvofiqlashtirish borasidagi muhokamalarga eʼtibor qaratildi.
Mazkur anjuman Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, bilim va tajriba almashish, iqlim inqiroziga qarshi kurashish va uglerod neytralligi maqsadlariga erishish borasida umumiy ustuvorliklarni belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.







