Toshkent viloyatida IIB xodimlari pora bilan ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

DXX Call-markaziga murojaat qilgan Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan, viloyat ichki ishlar xodimining o‘z xizmat vakolatini suiisteʼmol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani xususida maʼlumotlar olindi.
Unga ko‘ra, IIB xodimi JKning 210, 131, 135, 206, 207 va 165-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovda bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming AQSH dollari talab qilgan. Joriy yilning 16 may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan faol tadbir davomida, IIB xodimi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro A.B.dan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Yana bir holatda, shu yilning 17 may kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan faol tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani ichki ishlar xodimi JKning 103 va 112-moddalari bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari imkoniyati orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni vaʼda qilib, mahkumni tanishi N.N.dan 24 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.
Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nusxasi topildi.
Ushbu xodim 2014 yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022 yildan esa, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Joriy yilning aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Afsuski, ishga tiklanganligiga 2 oy bo‘lmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.
Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi va 28, 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







