Nigeriyada parom halokatga uchradi
Hodisa oqibatida 40 ga yaqin odam halok bo'lgan.

Nigeriyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Kvara shtatida mudhish parom halokati yuz berdi. Ma'lum qilinishicha, hodisa Niger daryosida, Gbajigbo aholi punkti yaqinida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, parom haddan tashqari ortiqcha yuklangani oqibatida muvozanatni yo‘qotib, ag‘darilgan va suvga cho‘kkan. Hodisa natijasida kamida 37 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan.
Mahalliy rasmiylar voqea joyida zudlik bilan qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlab yuborishgan. Hozirda suv ostida qolganlar soni noma’lum, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Hodisa yuzasidan tegishli organlar surishtiruv olib bormoqda.







