Angrenda o‘quvchilar So‘nggi qo‘ng‘iroqqa pul uchun o‘g‘irlik qilishdi
Ular tunda ko‘chada turgan mashinani ochib, pullarni olib ketgan.

Joriy yilning 16 aprel kunidan 17 aprel kuniga o‘tar kechasi Angren shahri “Nurchi” mahallasida nomaʼlum shaxs Damas rusumli avtomashinadan pul mablag‘lari o‘g‘irlangani haqida hududiy Ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushgan. Holat o‘rganilib, tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida bu qilmishni 15–17 yoshdagi to‘rt nafar maktab o‘quvchisi sodir etgani aniqlanib, ular protsessual tartibda ushlandi.
Dastlabki tergov davomida gumonlanuvchilar ushbu o‘g‘irlangan pullarni maktab bitiruv kechasi uchun kerak bo‘lgan xarajatlarni qoplash maqsadida olganini bildirgan.
“25 may uchun o‘tirishimizga pul kerak bo‘lib qolgandi. Bolalar bilan to‘rt kishi bo‘lib yig‘ilib, ertalab soat 5 larga yaqin Damas‘ni mo‘ljallab, ochdik. Ichidan 11 mln so‘m pul chiqdi. Pullarni to‘rt kishi bo‘lib oldik”, - deydi Gumonlanuvchi yigitlardan biri.
Ulardan yana birining aytishicha, yigitlar o‘sha yerda turgan “Jiguli”ni ham ochib ko‘rishgan. Ammo, u mashinadan pul chiqmagan.







